Qashqadaryoning ikkita tumanida Yangi O‘zbekiston massivlari quriladi

Joriy yildan boshlab, “Bog‘dod tajribasi” asosida uy-joylar, ishlab chiqarish, sanoat va ijtimoiy infrastruktura obyektlarini o‘z ichiga olgan Yangi O‘zbekiston massivlari barpo etiladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

"Birinchi bosqichda viloyatning Chiroqchi, Shahrisabz va Koson tumanlarida, ikkinchi bosqichda Yakkabog‘, Qarshi va Gʻuzor tumanlarida ehtiyojga qarab qurilishlar davom etadi. Yangi massivlar ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan tayyor holda foydalanishga topshiriladi.

Aholini doimiy ish bilan ta’minlash maqsadida massivlar hududida 7 ta kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Har bir massivda 20 gektardan iborat “Yoshlar issiqxona majmualari qurilib, u yerdagi 14 ming oilaga 10 sotixdan taqsimlab beriladi.

Shuningdek, Qarshi va Chiroqchi tumanlarining 5 ming gektar qir-adirlarida “Yangi O‘zbekiston massivi” barpo etilib, 8 ming kvartirali 300 ta ko‘p qavatli uy, maktab, bog‘cha, shifoxona, savdo markazi va boshqa ob’yektlar quriladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda viloyatda jami 30 ming kvartirali qariyb 1 mingta ko‘p qavatli uylar va 2,5 mingta yakka tartibdagi uylar barpo etiladi

Bundan tashqari, 6 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 1,7 ming dona transformator va 13 ta podstansiyada qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Natijada 729 ta mahalladagi 319 ming aholining elektr energiya ta’minoti yaxshilanadi”, dedi prezidentlikka nomzod.