Qatardagi jahon chempionatida O‘zbekistonning turizm salohiyati targ'ib qilinmoqda

Ayni damda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Abdurahmon Fozilov, ijtimoiy tarmoqlarda keng auditoriyaga ega bo‘lgan blogerlar va O‘zbekiston fan-klubi a’zolaridan iborat delegatsiya Qatarda bo‘lib turibdi. Ta'kidlash joizki, delegatsiya a'zolari butun dunyodan jahon chempionatiga tashrif buyurgan millionlab muxlislar orasida O‘zbekistonning turizm borasidagi imkoniyatlari, salohiyatini targ‘ib qilishmoqda.
Shu bilan birga, milliyligimiz, o‘ziga xos qadriyatlarimiz aks etgan sovg‘alar, xususan, vazirlik tomonidan taqdim etilgan jurnallar va tarqatma materiallarni ulashishmoqda.
Ma'lumotlarda qayd etilishicha, delegatsiya a'zolaridan iborat avtokarvon 5-noyabr kuni Samarqanddan yo‘lga chiqqandi. Ular mamlakatimiz turizm brendini aks ettiruvchi maxsus logotiplar bilan qoplangan avtomobillarda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni kabi davlatlaridan o'tishdi.
O‘z navbatida bu davlatlarda O‘zbekistonning turizmini yanada tanitishga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Har bir davlatning mahalliy aholisi va xorijiy turistlarga O‘zbekistonning turizm salohiyati, mamlakatimizdagi ko‘zga ko‘ringan turistik obyektlar, O‘zbekistonga sayohat qilishning afzalliklari, xalqimizning mehmondo‘stligi va boshqa jihatlar haqida ma'lumotlar berildi. Qolaversa, O‘zbekiston turizm brendi aks etgan kiyimlar va boshqa sovg‘alar berildi.
Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati — millionlar o‘yini hisoblangan futbol olamining eng katta musobaqasi hisoblanadi. Tabiiyki, har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan mazkur turnirni tomosha qilish uchun dunyoning barcha burchaklaridan muxlislar tashrif buyurishadi. Shu jihatdan Qatardagi jahon chempionatida O‘zbekiston turizmini targ‘ib qilish yurtimizda tashrif buyuradigan xorijiy turistlar sonini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.






