QatarEnergy va Chevron Phillips qiymati 6 mlrd dollarlik kelishuv imzoladi

Qatar milliy neft-gaz kompaniyasi - QatarEnergy va AQSh-Gollandiyaning Chevron Phillips korporatsiyasi neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish uchun Ras Laffan Petrochemicals zavodini qurish bo’yicha qiymati 6 milliard dollarga baholanayotgan kelishuvni imzoladi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Ras Laffan Petrochemicals - Ras Laffan sanoat shaharchasida (Dohadan 80 km shimoli-sharqda) joylashgan alkenlar va polietilen ishlab chiqarish bo’yicha integratsiyalashgan korxona bo’ladi.
Ma’lum bo’lishicha, shartnomaga ko’ra, QatarEnergy kompaniya aksiyalarining 70 foiziga, Chevron Phillips esa 30 foizga egalik qiladi.
Shuningdek, qayd etilishicha, Ras Laffan neft-kimyo majmuasi 2026-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda. U yiliga 2,1 million tonna etilen ishlab chiqarish quvvatiga ega etan kraker va birlashgan quvvati yiliga 1,7 million tonna yuqori zichlikdagi polietilen polimer mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega ikkita polietilen liniyasini o’z ichiga oladi. Bu Qatarning umumiy neft-kimyo ishlab chiqarish quvvatini yiliga qariyb 14 million tonnagacha oshiradi.






