Qator tarmoq va hudud rahbarlariga qatʼiy ogohlantirish berildi

Prezident raisligida videoselektor yigʼilishi bo’lib o’tmoqda. Unda o’z vazifasiga mas’uliyatsiz bo’lgan tarmoq va hudud rahbarlariga qat’iy chora ko’rilmoqda. Farmasevtika agentligi direktoriga va “Oʼzbekiston temir yoʼllari” raisi vazifasini bajaruvchisiga “hayfsan” eʼlon qilindi.
“Bugungi oʼzgaruvchan sharoitda iqtisodiyotimizni barqaror oʼsishini taʼminlashning eng samarali yoʼli – ichki imkoniyatlarni ishga solish, yaʼni import boʼlayotgan tayyor mahsulotlarni oʼzimizda ishlab chiqarish va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirishdan iborat.
Bu milliy iqtisodiyotimizning ustuvor yoʼnalishi boʼlishi kerak.
Buni oʼylamagan, atrofdagi vaziyatdan bexabar, siyosatni tushunmaydigan hokim yoki tarmoq rahbarining ishlashga haqqi yoʼq”, dedi davlatimiz rahbari.
37 trillion soʼmlik yangi mahsulot ishlab chiqarish boʼyicha 2022-2023-yillar uchun 2,5 mingta loyihani ishga tushirish boʼyicha qabul qilingan dasturning aniq ijrosini soʼrash vaqti kelgani qayd etildi.
Prezident koʼp tarmoq va hudud rahbarlari bu masalada hali dunyoqarashini oʼzgartirmagani, hozirgi vaziyatdan xulosa chiqarmayotganini tanqid qildi.
Ushbu dastur ijrosi boʼyicha Farmasevtika agentligi rejani 51 foizga, “Oʼzbekiston temir yoʼllari” esa 10 foizga bajarmagani, ushbu ikki tizimda sanoat kooperatsiyasi boʼyicha ishlar umuman boshlanmagani, “Issiqlik elektr stantsiyalari” esa rejani atigi 26 foizga bajargani koʼrsatib oʼtildi.
Shuning uchun Farmasevtika agentligi direktoriga “hayfsan” eʼlon qilindi. Uning ikkala oʼrinbosarini ishdan olishga koʼrsatma berildi.
Bosh vazirga Farmasevtika agentligi tizimi va faoliyatini tubdan oʼzgartirish choralarini koʼrish topshirildi.
“Oʼzbekiston temir yoʼllari” raisi vazifasini bajaruvchisiga “hayfsan”, "Issiqlik elektr stantsiyalari" raisi, "Oʼzmetkombinat" raisi, "Oʼzbekneftgaz" raisining birinchi oʼrinbosariga qatʼiy ogohlantirish berildi.
Yanvar-fevral oylarida “Elektron kooperatsiya” portali orqali 860 milliard soʼmlik 5 mingta shartnoma tuzilgan boʼlsada, ularning ijrosi ayrim hududlarda bajarilmagani, elektron savdolarda Qoraqalpogʼiston, Namangan, Surxondaryo va Xorazmdagi korxonalar ulushi 1 foizni ham tashkil qilmasligi tanqid qilindi.






