«Qirg‘iziston - O‘zbekiston» qiymati 1,6 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlar imzolandi

26-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi arafasida Bishkek shahrida “Qirg‘iziston – O‘zbekiston” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat hukumatlari aʼzolari, tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, hududiy maʼmuriyatlar rahbarlari, ishbilarmon doiralarining 350 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Forum davomida hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor berildi. O‘tgan yilning sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tarixiy uch tomonlama bitim imzolangani ta’kidlandi. Mazkur strategik loyiha ro‘yobga chiqarilishini faollashtirish transport va logistika sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida tilga olindi. Bu loyiha Markaziy Osiyo mintaqasida anʼanaviy tranzit yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish va yuk tashish hajmlarini oshirish imkonini beradi.

Tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, ikki davlat tadbirkorlarining doimiy hamkorligi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida maxsus onlayn platforma ishlab chiqiladi. Uning yordamida ishbilarmon doiralar vakillari savdo shartnomalarini tuzishlari, tayyor sanoat kooperatsiyasi loyihalari va biznes hamkorlar tanlashlari mumkin bo‘ladi.

Biznes-forum dasturi doirasida panel muhokamalari va davra suhbati ham o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar iqtisodiy hamkorlik istiqbollari, kooperatsiya va hududiy integratsiya masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Undan keyin boʻlib oʻtgan “B2B” muzokaralari tadbirkorlar va investorlarning eʼtiborini yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga qaratdi.

Forum yakunlari bo‘yicha kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, charm mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan muhim kelishuvlar imzolandi.