Qiymati 80 million dollarga teng boʼlgan Sаmаrqаnd xаlqаro аeroportining yangi terminаli oʼz eshiklаrini ochdi

2022-yilning 18-mart kuni Samarqandda xalqaro aeroport yangi terminalining tantanali ochilish marosimi boʼlib oʼtdi.

Samarqand aeroporti yangi terminali orqali ilk bor xizmat koʼrsatgan reys Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkentdan Samarqandga uchib borib, yana ortga parvoz qilgan HY-045/046 raqamli reysi boʼldi. Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan ushbu parvoz Oʼzbekiston Respublikasining zamonaviy aviatsiyasi tarixida yangi sahifaga aylandi.

Yangi terminalning qurilish loyihasi qiymati 80 million dollarga teng boʼlib, bu loyiha Oʼzbekiston aviatsiyasi tarixida birinchi marta “Uzbekistan Airports” АJ (davlat hamkori) va “AIR MARAKANDA" MChJ (xususiy sherik) oʼrtasida imzolangan davlat-xususiy sheriklik kelishuvi natijasida amalga oshirildi. Qurilish ishlari Oʼzbekistonda yetakchi EPC-pudratchi hisoblangan Enter Engineering kompaniyasi tomonidan Turkiyaning Kiklop loyiha-muhandislik kompaniyasida yaratilgan meʼmoriy yechim asosida bajarildi.

Ochilish marosimida 250 nafardan ortiq kishi qatnashdi. Marosimda Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʼrinbosari Аchilbay Ramatov, Transport vaziri Ilhom Mahkamov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Raʼno Joʼraeva, shuningdek «AIR MARAKANDA»ning operatsion faoliyat boʼyicha bosh direktori oʼrinbosari Xilmi Yilmaz nutq so’zladilar.

Shuningdek, Uzbekistan Airways 2022-yilga quyidagi yo'nalishlar bo'yicha parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda:

  • Samarqand - Moskva - Samarqand, haftasiga 3 marotaba
  • Samarqand - Sankt-Peterburg - Samarqand, haftasiga 2 marotaba
  • Samarqand - Istanbul - Samarqand, haftasiga 3 marotaba
  • Samarqand - Olmaota - Samarqand, haftasiga 2 marotaba
  • Samarqand - Toshkent - Samarqand, haftasiga 3 marotaba.