Qo‘mita raisi kuzgi pilla hosilidan bahorgi mavsum uchun urug‘ tayyorlash jarayoni bilan tanishdi

Surxondaryo viloyatida pilla xomashyosi va ipak tolasi yetishtirish oxirgi yillarda salmoqli darajada o‘sdi. Endilikda bu viloyatda bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri yetishtirilayotgan mahsulotlarning sifat darajasini jahon talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamdagi ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi B.Sharipov va Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari F.Mamanov viloyatdagi ipak qurti urug‘chiligi korxonasi – “Huashen Silk Worm Pro” qo‘shma korxonasida hosildorligi yuqori bo‘lgan ipak qurti urug‘i ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Shu kunlarda Angor tumanida joylashgan “Huashen Silk Worm Pro” qo‘shma korxonasida joriy yil pilla yetishtirishning uchinchi va to‘rtinchi mavsumlarida bahorgi pilla yetishtirish mavsumlari uchun ipak qurti urug‘i tayyorlash jarayoni ketmoqda.

Korxonada urug‘ tayyorlash jarayonlar 9 oy davomida uzluksiz davom etadi va hududdagi qishloq ayollari doimiy band bo‘lmoqda. Urug‘larning sifatli tayyorlanishi uchun xitoylik mutaxassislar ham jalb etilgan.

Ushbu korxona tomonidan sanoatbop duragay ipak qurti urug‘lari Surxondaryo viloyatidagi talabni to‘liq qoplab berishidan tashqari Qashqadaryo va Andijon viloyatlariga ham yetkazib beriladi. Bu yerda tayyorlanayotgan ipak qurti urug‘i sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha Xitoy davlatida tayyorlanayotgan urug‘lar bilan raqobatbalasha boshladi.

Joriy yil bahorgi pilla yetishtirish mavsumlarida “Huashen Silk Worm Pro” QK tomonidan tayyorlangan 1 quti ipak qurti urug‘idan o‘rtacha 70-80 kg pilla hosili yig‘ib olingan. Bu bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 110 kg ni tashkil etdi. Urug‘chilik korxonasining o‘zida boqilgan ipak qurti urug‘idan o‘rtacha 100-105 kg pilla hosili olindi.