Qoraqalpogʼistonning iqtisodiy tahlili

Joriy yilning 6 yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpogʼiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining bugungi holatini oʼrganish hamda uning investitsiyaviy, sanoat va eksport salohiyatidan toʼliq foydalanish boʼyicha takliflar ishlab chiqish maqsadida mazkur hududga yoʼl oldi hamda S.Umurzakov Nukus shahrida Qoraqalpogʼiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining barcha hududiy boʼlinmalari rahbarlari va xodimlari bilan uchrashuv oʼtkazdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi investitsiyalar va tashqi savdo faoliyatini ragʼbatlantirishning yangi tizimi va uni joylarda joriy etishning amaliy jihatlari boʼldi. Tadbir ishtirokchilari investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqishning yangi mexanizmlari, loyihaviy boshqaruv, tadbirkorlar bilan oʼzaro hamkorlik qilish, foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish obyektlarining monitoringini olib borish, shuningdek, investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlarini amaliy qoʼllab-quvvatlash jarayonida vazirlik va idoralarni muvofiqlashtirish bilan bogʼliq keng koʼlamli masalalarni atroflicha muhokama qildilar.
Hududda tashkil etilgan hamda vazifalari ishga solinmagan iqtisodiy salohiyatni tahlil qilish, tuman va shaharlarni rivojlantirish strategiyasi hamda kontseptsiyalarini shakllantirish, shuningdek, iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqishdan iborat boʼlgan loyiha guruhlarining faoliyati oʼrganildi.
Tuman va shahar boʼlinmalari xodimlari aniq holatlar va loyihalar misolida biriktirilgan hududlarda yangi tizimni sinovdan oʼtkazish boʼyicha shaxsiy tajribalari bilan oʼrtoqlashdilar va oʼz faoliyati davomida yuzaga kelgan bir qator muammolarni tilga oldilar. Har bir holat atroflicha koʼrib chiqildi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga esa zarur koʼrsatmalar berildi.
Shuningdek, muhokama davomida qatnashchilar u yoki bu tumanning oʼziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda yangi tizimni samarali qoʼllash boʼyicha oʼz gʼoya va takliflarini bildirish imkoniga ega boʼldilar.






