Qoraqalpog‘iston Respublikasi tadbirkorlarining masalalari ko‘rib chiqildi

Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi tadbirkorlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar bilan bevosita muloqot jarayonida yuzaga kelayotgan muammoli masalalar batafsil o‘rganildi, ularning har birini hal qilish bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqildi.
Ishbilarmonlar asosan moliyaviy resurslarni ajratish, ilgari berilgan kreditlar bo‘yicha to‘lov muddatlarini uzaytirish, yer uchastkalari, bo‘sh bino va inshootlar ajratish, tegishli litsenziya va ruxsatnomalar olish, infratuzilmaviy kommunikatsiyalarga ulanish hamda qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish mexanizmlari bilan bog‘liq masalalarni ko‘tardilar.
Har bir murojaat vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlarini jalb etgan holda alohida ko‘rib chiqildi. Mas’ul rahbarlarga aniqlangan muammolarni zudlik bilan hal qilish hamda tadbirkorlarga samarali amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Ushbu ko‘rsatmalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda amalga oshiriladi.






