Qozogʻiston piyoz eksportiga qoʻyilgan taqiqni bekor qildi

Qozog‘iston Qishloq xoʻjaligi vazirligi 8-apreldan boshlab piyoz eksportiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi va eksport hajmiga vaqtinchalik cheklovlar kiritdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
“Joriy yilning 8 aprel kuni Qishloq xoʻjaligi vazirining buyrugʻi bilan Qozogʻiston hududidan piyoz olib chiqishni taqiqlash toʻgʻrisidagi qaror oʻz kuchini yoʻqotdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 8-apreldan 28-aprelgacha respublika hududidan uchinchi davlatlar va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlariga 20 ming tonna piyoz eksporti uchun kvotalar joriy etilgan. Bitta talabgor uchun jami 500 tonnadan ortiq tovarlarni eksport qilish cheklangan.
Maʼlumot uchun, joriy yilning yanvar oyida Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi piyozning ommaviy eksportini oldini olish va narxlarni barqarorlashtirish maqsadida uch oyga eksport qilishni to‘xtatgan edi.






