Qoʼshilgan qiymat soligʼi stavkasi 12 foizga tushiriladi

Ochiq muloqotda kichik va oʼrta biznes uchun eng muammoli masalalardan biri qoʼshilgan qiymat soligʼini hisoblash va qaytarish bilan bogʼliqligi taʼkidlandi.
Prezident 2021-yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida biznes uchun soliq yukini tushirish siyosatini davom ettirib, qoʼshilgan qiymat soligʼi stavkasini yanada tushirishga vaʼda bergan edi.
“Ochiq aytishim kerak, “iqtisodiyot pandemiya tufayli hali toʼliq tiklanmadi, jahon iqtisodiyotidagi vaziyat yaxshi emas, shu sababli buni keyinga qoldiraylik”, deb taklif berganlar ham boʼldi.
Lekin sizlarni ishontirib aytaman: biz islohotlar yoʼlidan hech qachon ortga qaytmaymiz va 2023-yil 1-yanvardan boshlab qoʼshilgan qiymat soligʼi stavkasini 12 foizga tushiramiz!”, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Joriy yil 1-iyuldan boshlab boʼsh bino, foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qoʼllash bekor qilingan edi.
Lekin avval oshirib hisoblangan soliqlar nima boʼladi, degan savol 19 ming tadbirkorni bezovta qilmoqda va bu boʼyicha koʼplab murojaatlar kelib tushgan.
“Shularni inobatga olib, tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari boʼyicha hisoblangan 2 trillion soʼmlik qarzlaridan butunlay voz kechsak, nima deysizlar?”, - deya tadbirkorlarga murojaat qildi davlatimiz rahbari.






