Qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi

O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari tomonidan OAV uchun o’tkazilgan brifingda qayd etilishicha, Bosh vazirlar o‘rinbosarlari boshchiligidagi ishchi guruhni shakllantirish va o‘rnini bosish rejalashtirilayotgan mahsulotlarni tizimli yetkazib berish uchun qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari davlat rahbarlari Samarqand viloyatida issiqlik elektr stansiyasini qurish, Toshkent viloyatida kompleks va fosforli mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish, logistika markazini tashkil etish, Toshkentda uy-joy va tijorat infratuzilmasini barpo etish, Qo‘stanoyda avtomobillar va Qarag‘andi viloyatida maishiy texnika ishlab chiqarish kabi yirik loyihalarga start berib, bu boradagi sheriklik rivojiga yangi sur’at bag‘ishladilar.

Shuningdek, energetika obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish, geologiya-qidiruv ishlarini bajarish, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash borasida yangi loyihalar amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ikki mamlakat hududlarida turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ikki mamlakat bozorlariga o‘zaro yetkazib berishga kelishildi. Transport-tranzit salohiyatini yanada oshirish, yangi temir va avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarini faollashtirish bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi.