Quduqlarini aniqlash va burg‘ulash ishlari faqat Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-fevral kuni hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Yig’ilishda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
Barcha ijtimoiy dasturlarda bu masalaga alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda. Oxirgi besh yilda mazkur sohaga 10 trillion so‘m yoki oldingi yillarga nisbatan 5 baravar ko‘p mablag‘ ajratildi. Bu davrda 6 million 500 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Jumladan, o‘tgan yili 474 ta suv inshooti qurilib, 6 ming 300 kilometrga yaqin tarmoqlar tortilgan. 592 ta mahallada 2 milliondan ziyod aholining suv ta’minoti yaxshilangan.
Lekin, hali bu masalada qiynalayotgan mahallalar ko‘p. Jumladan, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik suvi ta’minoti 60 foizdan kam. G‘uzor, Dehqonobod, Koson, Sherobod, Angor, G‘allaorol va Xatirchi tumanlarida bu ko‘rsatkich 30 foizga ham yetmaydi.
Shu bois, kelgusi besh yilda bu sohaga 40 trillion so‘m investitsiya jalb qilib, ichimlik suvi ta’minotini 90 foiz, oqova suv qamrovini 35 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Joriy yilda bu maqsadlar uchun budjetdan 2 trillion so‘m ajratiladi, 245 million dollar jalb etiladi.
Yig‘ilishda daryolar va yerosti suvlarini asrash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda 8 mingta suv qudug‘idan 1 ming 500 tasi yaroqsiz holatga kelgan. Oqibatda qariyb 800 ta mahalladagi 2 million aholining suv ta’minoti yomonlashgan. Zomin, Nurota va Qo‘shrabot konlarida quduqlar qazish, Zarafshon va Chirchiq daryolari o‘zanidan qum-shag‘al olish nazoratsiz, pala-partish bo‘lgani sababli bu hududlarda yerosti chuchuk suvlari zaxiralari 30 metrgacha pasaygan.
Shu bois, bundan buyon suv quduqlarini aniqlash va burg‘ulash ishlari faqat Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Mutasaddi idoralarga quduqlarni xatlovdan o‘tkazish, daryo bo‘ylarini qattiq tartibga olish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.






