Qurilish va loyihalash ishlarini tartibga solish boʼyicha yangi tizim joriy qilinadi

Xorijiy ekspertlarning tahlillariga koʼra, “genplan”lar ishlab chiqilmasa, 2030-yilga kelib infratuzilma xarajatlari 2 baravarga oshadi hamda qishloq xoʼjaligi yerlari 30 ming gektarga kamayib ketadi.

“Umuman, qurilish bilan boʼlib, arxitektura orqada qolib ketdi. Shu bois, mahalla, tuman (shahar), viloyat va respublika darajasida qurilish va loyihalash ishlarini tartibga solish boʼyicha yangi tizim joriy qilinadi”, dedi davlatimiz rahbari.

Hududlarning bosh rejalari va master rejalarini ishlab chiqish boʼyicha Respublika kengashi tuziladi.

Qurilish vazirligida Bosh arxitektor lavozimi joriy qilinib, unga vazirning birinchi oʼrinbosari maqomi beriladi.

Shuningdek, tuman va shahar qurilish boʼlimiga arxitektor rahbarlik qiladi va hududning bosh arxitektori boʼladi.

Respublika kengashiga Qurilish vazirligi Bosh arxitektori va Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi birinchi oʼrinbosari rahbarlik qiladi.

Viloyatlarda loyiha ofislari ochilib, ularga hokimning birinchi oʼrinbosari va viloyat bosh arxitektori bosh-qosh boʼladi.

Bosh va master rejalarni ishlab chiqish yangicha yondashuv asosida 3 ta bosqichdan iborat boʼladi.

Birinchi bosqichda Respublika kengashi hududning ixtisoslashuvi, transport-logistika, sanoat va xizmat loyihalarini joylashtirish uchun yer va infratuzilmaga ehtiyoji va chegaralarini belgilaydigan Bosh sxemasini ishlab chiqadi.

Bunda yaqin (5 yillik), oʼrta (10 yillik) va uzoq (20 yillik) muddatlarda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik mezonlar asosida viloyatning rivojlanish koʼrsatkichlari belgilanadi.