Ramazon hayiti arafasida Prezident 65 nafar fuqaroni afv etish boʼyicha farmonni imzoladi

“Ramazon oyi – saxiylik, mehr-oqibat va bagʼrikenglik oyidir. Bu qutlugʼ ayyomda mehr-shafqatli, kechirimli boʼlish hammamiz uchun ham farz, ham qarz”, dedi davlatimiz rahbari.

Shu munosabat bilan, Ramazon hayiti arafasida Prezident adashib jinoyatga qoʼl urgan, lekin aybini chuqur anglab, tuzalish yoʼliga qatʼiy oʼtgan 65 nafar fuqaroni afv etish boʼyicha farmonni imzoladi.

Mutasaddilarga ushbu fuqarolar bayramni oʼz uyida, yaqinlari bagʼrida kutib olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish boʼyicha topshiriq berildi.

Shu bilan birga, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari oldiga bayram yuqori saviyada oʼtishini taʼminlash vazifasi qoʼyildi.

“Ulugʼ mutafakkir Mir Аlisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, odamlarning dardiga darmon boʼlish – insoniylikning oliy namunasi ekanini unutmasligimiz, bunday ezgu ish uslubi bizning nafaqat xizmat vazifamiz, shu bilan birga, vijdoniy burchimizga aylanishi kerak”, dedi Prezident soʼzining yakunida.