“Rаqаmli аvlod 2022” IT oromgohi

Avvalgi xabarlarimizda qayd etilganidek joriy yilning 4-8 yanvar kunlari Toshkent shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabida Prezident taʼlim muassasalari agentligi, “Zamin” Xalqaro jamoat fondi va “Digital Generation Uzbekistan” NNT bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Raqamli avlod" IT oromgohi doirasida mahorat darslari boʼlib oʼtmoqda.
Onlayn va oflayn formatda tashkil etilgan darslarda Respublikamizdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, 102, 104, 106-sonli zaif eshituvchi bolalar maktab-internatlari, shuningdek, Аgentlik tizimidagi maktab oʼquvchilari hamda IT va Media sohasiga qiziquvchi yoshlar ishtirok etishdi.
Kun davomida ishtirokchilar uchun Dasturlash asoslari (Python), Frontend (Javascript, react), Backend (Django). NET, Grafik dizayn (Adobe Photoshop, Sketchbook) kabi yoʼnalishlarda onlayn darslar boʼlib oʼtdi. Bir vaqtning oʼzida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabida Mehribonlik uyi va zaif eshituvchi bolalar maktab-internatlari oʼquvchilari uchun Grafik dizayn, Robototexnika va Media yoʼnalishlari boʼyicha jonli mahorat darslari olib borildi. “Media va raqamli marketing” hamda “Grafik dizayn” yoʼnalishi ishtirokchilari uchun darslar gibrid shaklida tashkil etildi. Robototexnika darslarida ishtirokchilar oʼzlari yasagan "smart car"larda oʼzaro bellashdilar.
Tadbir doirasida shuningdek, Аl-Xorazmiy maktabida Toshkent shahridagi INHА va Аmity Universitetlari rektorlarining oromgoh ishtirokchilari bilan davra suhbati boʼlib oʼtdi. Unda ishtirokchi yoshlar oʼzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.






