Ravshan Mukhitdinov Butunjahon Nogironlar Jamg'armasi Vitse-prezidenti etib tayinlandi

Bright Uzbekistan jamoasi Istanbulga tashrifi doirasida hamyurtimiz, Turkiyada tadbirkorlik bilan shug'ullanib kelayotgan va bugungi kunda "World Disability Foundation" - Butunjahon Nogironlar Jamg'armasi Vitse-prezidenti lavozimiga tayinlangan Ravshan Mukhitdinov bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida loyiha asoschisi Davron Abdullaev hamyurtimizni yangi lavozim bilan tabriklab, kelgusi ishlarga omad tiladi. Suhbat so'nggida, Ravshan Mukhitdinovga Bright Uzbekistan jurnalining yangi nashri taqdim etildi.
Qayd etish lozimki, shu paytgacha Ravshan Mukhitdinov sportchilarni qo'llab quvvatlash borasida ham keng qamrovli faoliyat olib borgan. Endilikda esa nogiron va narkologik kasalliklarga chalingan odamlarga yordam berish, qo'llab quvvatlash asosiy maqsadlaridan biriga aylanganini ta'kidladi.
“Bugun o'zbek sportchilariga davlatimiz tomonidan yetarlicha e'tibor berilmoqa. Shuning uchun men nogironlar va narkologik kasalliklarga chalingan odamlarga yordam berib, ularni qo’llab quvvatlash kerak deb o'ylayman” - deydi Ravshan Mukhitdinov yangi lavozimga tayinlanganini ta’riflab.
O'z navbatida, Ravshan Mukhitdinov Amerikaning "12 qadam" dasturi bo'yicha ishlaydigan va O'zbekistondagi eng samarali giyohvandlik markazlaridan biri bo'lgan Gratus reabilitatsiya markazining hammuassisi.
Ma'lumot o'rnida, "World Disability Foundation" Jamg'armasi BMT akkreditatsiyasida bo’lib, 85 ta mamlakatda o'z faoliyatini olib boradi. Tez kunlarda O'zbekistonda ham ushbu fond o’z ishini boshlashi rejalashtirilmoqda.






