Reklamada tariflarni chet el valyutasida ko'rsatish taqiqlandi

Bugundan “Reklama to'g'risida”gi qonun kuchga kirdi. Qonunda asosiy tushunchalar qatoriga axloqsiz reklama, nomaqbul reklama, rag'batlantiruvchi aksiya kabi yangi tushunchalar ham kiritildi.

Qonunga ko'ra, O'zbekistonda reklama davlat tilida tarqatilishi va reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning davlat tilidagi asosiy ma'nosini buzib ko'rsatmasligi kerak.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi reklama aylanishi sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Qonunga ko'ra, quyidagilar taqiqlanadi:

• ona sutining o'rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish;
• ta'lim muassasalarida foydalaniladigan bosma nashrlar (darsliklar, kundaliklar, - daftar va boshqalar)da tovarlarni reklama qilish;
• arxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko'rsatish;
• bolalarni ularning sog'lig'iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to'g'risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko'rsatmasdan reklama qilish;
• energetik ichimliklarning reklamasini soat 7:00 dan soat 22:00 gacha televideniye va radio orqali reklama qilish;
• tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste'mol qilish moslamalarini reklama qilish.

Shuningdek, alkogol mahsulotlari reklamasiga yo'l qo'yilmaydi, ammo O'zbekistonda ishlab chiqarilgan pivo, tabiiy va ko'piklanadigan vinolarni reklama qilishga ayrim hollarda yo'l qo'yiladi.