Rekord auksion: Microsoft asoschisi Pol Allenning san'at kolleksiyasi $1,5 milliardga sotildi

2018-yilda vafot etgan tadbirkor va Microsoft asoschilaridan biri Pol Allenning san'at kolleksiyasi Christie’s'da 1,5 milliard dollarga sotildi, bu san'at asarlarining bir auksioni uchun rekord summa hisoblanadi.

Pol Allen kolleksiyasi 150 dan ortiq eksponatlarni o'z ichiga olgan: Pol Sezanning «Sent-Viktuar tog'lari», Gustav Klimtning «Qayin o'rmon» asari, Sandro Bottichelli, Per-Avgust Renuar, Devid Xokni, Roy Lixtenshteyn, Frensis Bekon, Lusian, Freyd, Uilyam Tyorner, Vinsent van Gog va boshqa taniqli rassomlar kartinalari.

Qayd etish joizki, auksion oldidan Christie's ekspertlari Allen kolleksiyasi 1 milliard dollarga tushishini kutishgan va bo'lajak tadbirni «tarixdagi eng yirik va eng ajoyib san'at auksioni» deb atashgan.

The Guardian ta'kidlashicha, kolleksiyani Pol Allen ko'p yillar davomida shaxsan tanlagan, u yollangan mutaxassislar tanloviga tayanishni istamagan. «Sur'atga qaraganingizda, siz boshqa mamlakatga, kimningdir tasavvuriga, ular buni qanday ko'rganiga qaraysiz», deya 2016 yilda o'z kolleksiyasi ko'rgazmalaridan birida ta'kidlagan Allen.

Allen o'z vasiyatnomasida qayd etganidek, auksiondan tushgan barcha mablag' xayriya ishlariga yo'naltiriladi.

Ma'lumot o`rnida, Microsoft asoschilaridan biri 2018 yilda 65 yoshida limfomadan vafot etdi. O'limi vaqtida uning boyligi 20,3 milliard dollarni tashkil qilgan edi.