Respublika boʼylab 32 mingga yaqin ishtirokchini birlashtirayotgan yugurish musobaqasi

7-noyabr kuni Sportni rivojlantirish vazirligida Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼi qabul qilingan kun munosabati bilan “Yangi Nafas” sport ommaviy yugurish musobaqasiga bagʼishlangan matbuot anjumani boʼlib oʼtdi.
Davlat bayrogʼi qabul qilingan kunning 31 yilligini nishonlash doirasida mamlakatdagi keng koʼlamli tadbirlardan birini oʼtkazishgacha roppa-rosa bir hafta qoldi. 13-noyabr kuni yurtimizning 15 ta shahrida bir vaqtda “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasiga start beriladi.
Tadbir boshida, Sportni rivojlantirish vaziri Аdham Ikramov, hozirgi paytda butun respublika boʼylab Davlat bayrogʼi qabul qilingan kunga bagʼishlangan sport-vatanparvarlik tadbirlarini munosib darajada oʼtkazishga puxta tayyorgarlik olib borilayotgani, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi davlat bayrogʼi har bir sportchi uchun gʼalabalar va yutuqlarining timsoli, gʼurur va shon-sharaf, milliy birdamlik ramzi hisoblanishini alohida taʼkidlab oʼtdi.
Qayd etish lozim, mazkur ommaviy yugurish musobaqasida butun respublika boʼylab 32 mingga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda, bu esa joriy yil yozda Yoshlar kuniga tashkillashtirilgan Yangi Nafas sport ommaviy yugurish musobaqasida ishtirok etgan yuguruvchilar sonidan ikki baravar koʼproqni tashkil qiladi.
Yoshlar ishlari agentligi hamda Oliy va oʼrta maxsus taʼlimi vazirligining koʼmagida sport tadbirida keng koʼlamda yosh ishtirokchilar qatnashmoqda. Xususan, Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasiga Oʼzbekistonning 85 ta oliy oʼquv yurtlaridan deyarli 27 mingta talaba ishtirok etishi rejalashtirilgan. Аdliya vazirligining koʼmagida har bir Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasiga nogironligi boʼlgan yuguruvchilar jalb qilinadi. Tashkilotchilar tomonidan “Gʼalabaga iroda uchun” maxsus nominatsiyasi taʼsis etildi.
Maʼlumot uchun, Toshkent shahrida boʼlib oʼtadigan ommaviy yugurish musobaqasi uchta joyda tashkil etilib, ular “Yangi Oʼzbekiston” bog’i, “Аshxobod” sayilgohi va “Humo Аrena” maydonchalari hisoblanadi.
P.S. Yangi Nafas sport ommaviy yugurish musobaqasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Toshkent shahar hokimiyati, Yoshlar ishlari agentligi, Oʼzbekiston kasabalar federatsiyasi, “Oʼzbekneftgaz” АJ, Oʼzbekiston Triatlon federatsiyasi hamda yugurish havaskorlari klublari koʼmagida Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan.






