Respublikamizdagi barcha oliy taʼlim muassasalari kompleks oʻrganiladi

2022-yil 28-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida oliy taʼlim muassasalari 23 ta mezon asosida tanqidiy va tahliliy oʻrganiladi.
Bugundan boshlab Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov va Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev boshchiligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan respublika oliy taʼlim muassasalarining barchasi kompleks oʻrganiladi.
Asosiy eʼtibor oliy taʼlimdagi islohotlar, ilm, fan va ishlab chiqarishdagi integratsiyalar, axborot-resurs markazlari faoliyati, moliyaviy, akademik mustaqillik berilgan taʼlim muassasalariga amaliy koʻmak berish, ilmiy salohiyat, taʼlim jarayonining qay darajada tashkil etilgani, masofaviy taʼlim, kredit-modul tizimi, talabalar turar joylarida yaratilgan shart-sharoitlar, korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni taʼminlashning taʼsirchan mexanizmlari joriy etilganligi kabi mezonlarga qaratiladi.
Oʻrganish jarayonidagi yutuqlar va tajribalar keng ommalashtiriladi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar tayyorlanadi.






