Restavratorlar seminari: meros va madaniy yodgorliklarni asrashga doir dolzarb masalalar

5–6-oktabr kunlari Samarqandda ilk bora “Oʻzbekistonda restavratsiya sanʼatini qayta tiklash madaniy meros va madaniy yodgorliklarni asrashga doir dolzarb masalalar” mavzusida restavratorlar seminari bo’lib o’tmoqda. Tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi hamda uning huzuridagi Madaniy meros agentligi tomonidan tashkil etilgan.

Seminarda oʻzbek xalqining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob madaniy merosni asrashga oid ishlarni kuchaytirish, sohani raqamlashtirish, innovatsion rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jahonning ilgʻor tajribalarini samarali qoʻllash choralarini koʻrib chiqish maqsad qilingan.

Tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.

Bosh vazir o‘rinbosarining so’zlariga ko’ra, mamlakatimizda hozirgi kunga qadar 8 210 ta moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyekti davlat muhofazasiga olingan boʻlib, shundan 4 ming 788 tasi - arxeologiya, 2 ming 265 tasi - arxitektura obyekti, 625 tasi - monumental sanʼat asarlari, 530 tasi esa diqqatga sazovor joylar hisoblanadi.

Seminarda ta’kidlanishicha, soʻnggi uch yilda 250 dan ortiq madaniy meros obyekti restavratsiya va konservatsiya qilingan. Mazkur obyektlarga davlat byudjetidan 339 mlrd. soʻm mablagʻ sarflangan. Bugungi kunda respublikamizda 400 dan ortiq usta-restavrator bor.

Ikki kun davom etadigan seminarda qator mutaxassislarning chiqishlari rejalashtirilgan boʻlib, Oʻzbekiston madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlarga malakali usta restavratorlarni jalb qilish, mamlakat ijobiy imijini oshirish, sohadagi yutuq va kamchiliklarni muhokama qilish choralarini koʻrish hamda anʼanaviy restavratsiya uslublarini qayta tiklash masalalari koʻrib chiqilmoqda.