Rossiyaning Smartavia va iFly aviakompaniyalari O‘zbekistonga reyslarni to‘xtatdi

Rossiyaning Smartavia va iFly aviakompaniyalari O‘zbekiston shaharlariga parvozlar to‘xtatilganini ma’lum qildi. Avvalroq, Rossiyaning «Aeroflot» va S7 Airlines aviakompaniyalari ham xalqaro reyslar to‘xtatilganini ma’lum qilgan edi.
Rossiyaning Smartavia va iFly aviakompaniyalari O‘zbekistonga parvozlarni to‘xtatmoqda, deb xabar berdi «O‘zaviatsiya» agentligi kompaniyalar e’lonlariga tayanib.
Smartavia aviakompaniyasidan olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 7-mart kungi Moskva — Urganch — Moskva reysi bekor qilingan. Smartavia aviakompaniyasi xalqaro aviaqatnovlarni 19-martga qadar bekor qilgan.
iFly ham O‘zbekiston shaharlariga parvozlar to‘xtatilganini ma’lum qildi. 5-martdan boshlab kompaniya mamlakatga barcha yo‘nalishlar bo‘yicha reyslarni noma’lum muddatga to‘xtatdi.
Avvalroq Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida turli davlatlar o‘z havo hududini Rossiya fuqaro aviatsiyasi uchun yopishni boshlagandi. Fevral oyi oxirida Yevropa Ittifoqining barcha 27 ta a’zo-davlati rus samolyotlari uchun o‘z havo hududini yopdi.






