Samarqand sammitida 10 dan ortiq hujjat imzo uchun kiritilishi rejalashtirilmoqda

11-noyabr kuni Samarqandda Turkiy Davlatlar Tashkilotining birinchi sammiti o’tkazilib, unda 10 dan ortiq hujjat imzo uchun kiritilishi rejalashtirilmoqda. Tadbirning asosiy hujjati bu — aʼzo mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar boʼyicha mujassamlashgan pozitsiyalari oʼz ifodasini topgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti Samarqand sammiti Deklaratsiyasidir. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning navbatdagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Bugun, 7-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning navbatdagi matbuot anjumani o’tkazilib, unda oʼtgan haftaning asosiy voqealari haqida qisqacha maʼlumot berilib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi haftadagi ish rejasi haqida so’z yuritildi.
Bugun kunning birinchi yarmida Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon turizm tashkiloti bosh kotibi Z.Pololikashvili bilan uchrashuv oʼtkazdilar. Unda 2023-yilda Samarqand shahrida oʼtkazilishi kutilayotgan Jahon turizm tashkiloti Bosh Аssambleyasi 25-sessiyasi kun tartibi va tashkiliy masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Kunning ikkinchi yarmida Davlat rahbari Mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish yuzasidan videoselektor yigʼilishini ham oʼtkazadilar. Shu bilan birga hafta davomida Savdo sanoat palatasi rahbariyatining tadbirkorlar bilan “ochiq muloqot” ijrosi boʼyicha Prezidentimizga hisobot berishi koʼzda tutilgan.
Mazkur hafta tarixiy va betakror Samarqand shahri yana bir muhim xalqaro siyosiy tadbirga mezbonlik qiladi. 11-noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti boʼlib oʼtadi (ushbu oliy darajadagi tadbir 2021-yil Istanbul uchrashuvida Tashkilot nomi oʼzgargandan keyingi Birinchi sammit hisoblanadi). Tadbirda 5 ta aʼzo mamlakat - Oʼzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʼiston, Qirgʼiziston hamda 2 ta kuzatuvchi - Turkmaniston va Vengriya mamlakatlari rahbariyati ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbir kun tartibidan Tashkilot doirasida siyosiy-iqtisodiy, transport, madaniyat va turizm kabi sohalarda hamkorlikni yanada jadallashtirish masalalari muhokamasi hamda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashish koʼzda tutilgan.
Sammit yakunida Tashkilotga raislik bir yil muddatga Turkiyadan Oʼzbekistonga oʼtadi.






