Samarqand viloyati tadbirkorlari va eksportchilari bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi

Joriy yilning 5 aprel kuni vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari Sardor Umurzakov raisligidagi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʼyicha Hukumat komissiyasi Samarqand viloyati shahar va tumanlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining joriy holatini oʼrganish hamda investitsiyaviy, sanoat va eksport salohiyati va imkoniyatlarini ishga solish boʼyicha takliflar ishlab chiqish maqsadida mazkur hududga yoʼl oldi.

Tashrif davomida Samarqand shahridagi Yoshlar ijodi saroyida viloyat tadbirkorlari va eksportchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvdan koʼzlangan maqsad - tizimli masalalarni muhokama va tahlil qilish hamda masʼul tuzilmalarni jalb qilgan holda ishbilarmonlar muammolarini tezkor hal qilish.

Tadbirda ishtirok etgan 200 dan ortiq tadbirkorlar investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish va eksportga yetkazib berish jarayonida duch kelayotgan masalalarni koʼtarib chiqish imkoniga ega boʼldi.

Muhokama davomida hududdagi tadbirkorlar asosan ishlab chiqarishni kengaytirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yoki aylanma mablagʼlarni toʼldirish uchun kredit mablagʼlarini ajratish, ruxsatnomalar, sertifikatlar va litsenziyalar olish, muhandislik kommunikatsiyalarga ulanish, shuningdek, yer ajratish bilan bogʼliq muammolarga duch kelishlari aniq boʼldi.

Koʼtarilgan har bir masala Komissiya aʼzolari tomonidan tegishli vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida har tomonlama koʼrib chiqildi. Har bir muammoni amaliy hal qilish mexanizmlari ishlab chiqilib, tegishli rahbarlarga ijro etish muddatlari aniq belgilangan holda manzilli koʼrsatmalar berildi.

Shuningdek, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan zudlik bilan zarur choralar koʼrish maqsadida tadbirkorlar bilan hamkorlikni faollashtirish topshirildi.

Uchrashuv yakunida mutasaddi rahbarlarga tadbirkorlar va eksportchilarning muammolarini hal qilish boʼyicha aniq topshiriqlar berildi. Komissiya topshiriqlarining bajarilishini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.