Samarqandda MDH PA – AMH Ekspertlar kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi

Samarqand shahrida 25-oktyabr kuni MDH PA va Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik Ekspertlar kengashining 24-majlisi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida saylovlarni raqamlashtirish, raqamli savdoni rivojlantirish, umuman raqamli iqtisodiyotni huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Majlisni Ekspertlar kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov olib bordi.

Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Qonunchilik va qiyosiy huquqshunoslik instituti Maʼmuriy qonunchilik va jarayonlar bo‘limi bosh ilmiy xodimi Lyudmila Tereshenko hamkasblari eʼtiborini raqamli iqtisodiyot sohasida huquqiy tartibga solishning dolzarb yo‘nalishlariga qaratdi.

Ekspertlar kengashi majlisida elektron ovoz berish texnologiyalarini qo‘llash to‘g‘risida MDH PA Kengashi kotibiyati rahbari o‘rinbosari – MDH PA Demokratiya rivojlanishini monitoring qilish xalqaro instituti direktori Ivan Mushket va MDH PA va AMH Ekspertlar kengashi aʼzosi, “UNICON.UZ” DUK direktori Maxsum Maxmudov so‘zlab berdi.

MDH Parlamentlararo Assambleyasi huzuridagi Iqtisodiyot bo‘yicha ekspert kengashining elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha takliflari ham ko‘rib chiqildi.

Majlis ishtirokchilari kelgusida Hamdo‘stlik mamlakatlari milliy parlamentlariga taklif etiladigan namunaviy qonunlarni yaratish bo‘yicha MDH Parlamentlararo Assambleyasining jamiyatni raqamli rivojlantirish sohasida olib borayotgan ishlari bilan tanishdi.

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan MDH Parlamentlararo assambleyasining kuzgi sessiyasi Ekspertlar kengashi majlisi bilan ochib berildi.

27-28-oktyabr kunlari Samarqand shahrida MDH PA Kengashi majlisi va MDH PA 54-yalpi majlisi, shuningdek, Assambleya va MDH Yoshlar Parlamentlararo Assambleyasi doimiy komissiyalarining majlislari bo‘lib o‘tadi.

Tadbirlarda MDH PAga kiradigan mamlakatlar parlamentlari delegatsiyalari rahbarlari va aʼzolari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etadi.