Samarqandda uchta yangi mehmonxona ochildi

18-oktabr kuni Samarqand shahrida uchta “Zarafshon Parkside”, “Shohjahon Palace”, “Continental hotel Samarkand” mehmonxonalarining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdilar.
Ta’kidlash joizki, ushbu mehmonxonalarning har biri o'ziga xos dizayn va xizmatlarda alohida yondashuvga ega. Masalan, “Continental hotel Samarkand” mehmonxonasi o‘z tashrif buyuruvchilariga qishki bog‘, fin va turk saunalari, basseyn, banket va konferensiya zallari, shuningdek, mehmonxona tomida joylashgan lounge barni taklif etadi. Mehmonxona 150 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, 30 ta ish o‘rni yaratilgan.
“Zarafshon Parkside” mehmonxonasi esa bir vaqtning o‘zida 110 nafar turistni qabul qila oladi. Shuningdek, mehmonxonada 170 kishiga mo‘ljallangan ikkita banket zali va 150 kishiga moslashgan konferens-zal mavjud. Mehmonxonada 25 ta ish o‘rni mavjud. Ushbu mehmonxona majmuasida qurilish ishlarining ikkinchi bosqichi yakunlangach, mehmonlar mavzuli bog‘, yopiq va ochiq basseynlar, sport zali, qo‘shimcha ikkita banket zallari va 65 xonaga ega bo‘ladilar.
Uch qavatdan iborat “Shohjahon Palace” mehmonxonasi esa 64 ta o’ringa mo’ljallangan bo’lib, mehmonxonada 15 ta ish o‘rni mavjud.






