Samarqandda yangi universitet tashkil etildi

Prezident qaroriga ko'ra, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti negizida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti tashkil etildi.

Universitetda veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot tarmoqlari uchun oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlanadi.

Qaror bilan tasdiqlangan Universitet Boshqaruv kengashi ta'lim yo'nalishlari va mutaxassisliklar uchun ta'lim davomiyligi muddatlarini belgilaydi.

Universitet Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi tizimida faoliyat yuritadi.

Ta'limning amaliyot bilan uyg'unligini ta'minlash uchun Universitetda Veterinariya klinikasi va kasalliklar diagnostikasi texnoparki tashkil etildi.

Universitetga sohada 5 yillik stajga ega xodimlar tavsiyanoma asosida o'qishga tavsiya etilganda, to'lov-kontrakt miqdori kunduzgi ta'lim yo'nalishidagi to'lov-kontrakt (stipendiyasiz) miqdoriga tenglashtiriladi.

Qarshi irrigasiya va agrotexnologiyalar institutida 2022/2023-o'quv yilidan “Chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi” ta'lim yo'nalishida kadrlar tayyorlanadi.

Qamashi xizmat ko'rsatish texnikumi negizida Qamashi veterinariya meditsinasi texnikumi tashkil etildi.

2022/2023-o'quv yilidan veterinariya va biotexnologiya yo'nalishlari uchun “El-yurt umidi” jamg'armasidan har yili alohida kvota ajratiladi.