SAMBHRAM UNIVERSITETI BILAN TANISHUV

Vazir A.Toshqulov tashkil etilganiga koʻp boʻlmagan “Sambhram” (Hindiston) universiteti kampusi, xususan, toʻliq quvvati 1070 nafar talabaga moʻljallangan oʻquv binosi, 770 nafar sigʻimga ega oʻquv xonalari hamda 300 nafar talaba uchun moʻljallangan kompyuterlar bilan jihozlangan laboratoriya xonalari, 200 oʻrinli konferensiya zalini koʻzdan kechirib, universitetdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, tanishish jarayonida kutubxona va qurilish, pardozlash ishlari olib borilayotgan 200 oʻrinli oshxona hamda 500 oʻringa moʻljallangan yotoqxona binolari hamda yangi qurilishi rejalashtirilgan loyihalar koʻzdan kechirildi.
Ma’lumot oʻrnida, Jizzax shahridagi “Sambhram” universiteti Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi “Jizzax shahrida “Sambhram” universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 401-sonli qaroriga asosan tashkil qilindi.
“Sambhram” universiteti (Hindiston) nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi. Universitetda oʻqitish kunduzgi ta’lim shaklida, ingliz tilida hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Universitetda 2021-2022-oʻquv yilida 2000 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan boʻlib, ta’lim muddati 4 yil boʻlgan (kunduzgi) 3 ta bakalavr yoʻnalish boʻyicha 1900 ta va ta’lim muddati 2 yil boʻlgan 2 ta magistratura mutaxasssisliklari boʻyicha 100 ta qabul parametrlari tasdiqlangan.






