Sardor Umurzakov OTB vitse-prezidenti bilan uchrashdi

Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vitse-prezidenti Shiksin Chen oʼrtasida muzokaralar boʼlib oʼtdi.
Unda, amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan loyihalarning hozirgi holati, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish bilan bogʼliq masalalar muhokama qilindi.
OTB Oʼzbekistonda infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish jarayoniga moliyalashtirishning yangi vositalarini joriy etishga va xususiy investitsiyalarni jalb qilishga koʼmaklashishi toʼgʼrisida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, sogʼliqni saqlash, taʼlim, qattiq chiqindilarni boshqarish hamda uy-joy va kommunal xizmatlar kabi boshqa ustuvor sohalarga qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida davlat-xususiy hamkorlik mexanizmlarini joriy etishning muvaffaqiyatli tajribasini yoyish yuzasidan hamkorlik yoʼlga qoʼyiladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish agentligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼyish, OTB tomonidan mazkur tuzilmalar faoliyatiga grant, texnik va maslahat yordami koʼrsatish bilan bogʼliq masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
OTB rahbariyati BMT Bosh Аssambleyasining Orolboʼyi mintaqasini “ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi” deb eʼlon qilish toʼgʼrisidagi rezolyutsiyasi doirasida Orolboʼyida ekologik va iqlim loyihalarini amalga oshirish uchun moliyalashtirishni jalb etish imkoniyatlarini koʼrib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida muhokama etilgan hamkorlik yoʼnalishlari doirasida belgilangan vazifalarni hal etish yuzasidan navbatdagi tadbirlar belgilandi.






