Saudi Aramco neft kompaniyasi ikkinchi chorakda rekord darajada daromad oldi

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning ikkinchi choragida kompaniya 48,4 milliard dollar daromad olgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan Saudiya kompaniyasining sof foydasi 90 foizga o‘sgan.
Bu Aramco aksiyalarining fond birjalarida birinchi ommaviy taklifidan buyon o‘tgan uch yil ichida eng yuqori o‘sish sur’atidir.
Bloomberg mutaxassislarining ma'lumotlariga ko'ra, “bu har qanday ommaviy kompaniyaning choraklik eng yuqori daromadidan ham ko’proq bo'lishi mumkin” - ya'ni o'tgan chorakda Aramco jahon birjalarida aksiyalari sotiladigan barcha kompaniyalardan ko'proq daromad olgan.
Saudiyaliklarning bu darajadagi katta daromadi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan neft narxining ko'tarilishi natijasidir. Shuning uchun ko'plab neft va gaz kompaniyalari shu kunlarda rekord darajadagi foyda haqida xabar berishmoqda.






