Saudiya Arabistoni Yamanga 60 ming tonna yoqilg‘i yetkazib berdi

Saudiya Arabistoni Yaman hukumatiga elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun 60 ming tonna yoqilg‘i yetkazib berdi.

“SPA” axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 60 ming tonna dizel yoqilg‘isi bo‘lgan kema Yamanning vaqtinchalik poytaxti – Aden shahridagi Az-Zayt portiga yetib keldi.

Yoqilg‘i hukumat kuchlari tomonidan nazorat qilinadigan aholi punktlarini ta’minlash, elektr stansiyalarini ishga tushirish uchun mo‘ljallangan.

Ko‘p yillardan buyon fuqarolar urushi davom etayotgan Yamanda yoqilg‘i inqirozi mavjud. Bugungi kunda elektr uzilishlari mamlakatning turli mintaqalarida tez-tez norozilik namoyishlariga sabab bo‘lmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaman bo‘yicha maxsus vakili Xans Grundberg juma kuni Yaman hukumati va “Ansorulloh” harakati isyonchilari havo, quruqlik va dengiz amaliyotlarini 2 oy muddatga to‘xtatishga kelishib olganini ma’lum qildi.