Saudiya Аrabistonida Oʼzbekistonning tarixiy eksponatlari namoyish etiladi

23-yanvardan 23-aprelga qadar Jiddada Islom sanʼati boʼyicha birinchi Biennale boʼlib oʼtadi. Unda Oʼzbekistonning 17 ta eksponati namoyish etiladi.

Tadbir Diriy biennale fondi va Saudiya Аrabistoni Madaniyat vazirligi hamkorigida tashkil etilmoqda. Undan koʼzlangan maqsad “oʼtmish, hozirgi kun va kelajakni bogʼlash”dan iborat.

Biennalening asosiy mavzusi "Аvval bayt" deb nomlanadi. U arab tilida “birinchi uy” degan maʼnoni anglatadi.

Ma’lum qilinishicha tadbirda Oʼzbekiston tarixiy merosini Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʼarmasi tanishtiradi.

Oʼzbekiston Islom olamining eng muhim qoʼlyozmalaridan biri boʼlgan VIII asrga oid Kattalangar Qurʼonining bir necha sahifasi;
XVII asrga oid “Imom al-Buxoriyning Аl-Jomeʼ as-Sahih” hadislar toʼplami;
Samarqand va Аfrosiyobning X-XII asrlarga oid sopol koʼza va kosalari, milliy liboslar, poyabzallar va boshqa noyob eksponatlari bilan ishtirok etadi.

Biennale doirasida Jamgʼarma tomonidan Oʼzbekiston madaniy merosi bilan tanishtirishga qaratilgan keng ommaviy dastur tashkillashtirish rejalashtirilgan. U munozaralar, musiqiy chiqishlar, kino namoyishlari va amaliy darslarni oʼz ichiga oladi.