Saudiya shahzodasi “Saudi Aramco”ning $78 mlrdlik aksiyalarini xayriya qildi

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon eng yirik davlat neft kompaniyasi — “Saudi Aramco”ning qariyb 78 milliard dollarlik 4 foiz ulushini mamlakat suveren jamg‘armasiga o‘tkazdi. Bu haqda Saudiya Arabistoni hukumati bayonotiga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.

Shahzoda “Saudi Aramco” aksiyalarini suveren fondga ilk marta o‘tkazayotgani yo‘q. Xususan, oʻtgan yilning fevral oyida u kompanining 80 milliard dollarilik ulushini fondga oʻtkazgan edi. Bu kelishuv jamg‘arma aktivlarini 2025-yilga kelib 1 trln dollardan ko‘proqqa oshirish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Kelishuv natijasida Saudiya Arabistoni hukumatining dunyodagi eng yirik neft eksportchisidagi ulushi 90,18 foizgacha kamayadi. “Saudi Aramco” kelishuv kompaniya faoliyatiga, strategiyasiga yoki Saudiya hukumati uchun asosiy moliya manbai bo‘lgan dividendlar taqsimotiga ta’sir qilmasligini aytdi.

Suveren Jamg'arma neft eksporti bilan bog'liq bo'lmagan kompaniyalarga moliyaviy yordam ko'rsatadi. Xususan fond “Neom” loyihasiga sarmoya kiritgan. Uning bir qismi sifatida Muhammad bin Salmon Qizil dengizning shimoli-g‘arbiy sohilidagi mintaqani neft iqtisodiyotidan voz kechib, yuqori texnologiyalarga asoslangan va xorijiy investitsiyalarni o‘zida mujassamlashtiragan texnologik markazga aylantirmoqchi.