Savdo chegaralarining kengayishi

Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN” tadbiri bo'lib o'tdi. Yuqori sifatda tashkil etilgan tadbirda yurtimiz turli sohalaridagi  martabali rasmiy vakillar ishtirok etdi. 

Maʼlumki, barchaga “CONFINDUSTRIA” nomi ostida mashhur boʼlgan italiya sanoati umumiy konfederatsiyasi, shuningdek, Italiya ish beruvchilari Federatsiyasi hamda Milliy sanoat palatasi ham hisoblanadi. Konfederatsiya unga aʼzo boʼlgan besh milliondan ortiq jismoniy shaxs hamda yuz mingdan ortiq kompaniyalar moliyaviy oʼsish imkoniyatlarini kengaytirish, Yevropa qitʼasidagi barcha hududlarda oʼz biznesini yuritishni taʼminlash kabi vazifalarni bajaradi. 

Bundan tashqari, Yevropa davlatlarida konfederatsiya 15 dan ortiq vakolatxonaga ega boʼlib, Oʼzbekistondagi “CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN” savdo markasi 16-oʼrinni egallamoqda. 

Toshkentdagi Turin universiteti rektori Jamshid Inoyatxodjaevning taʼkidlashicha, “CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN” oʼzbek va italiyalik ishbilarmonlarning hamkorlik loyihalarini amalga oshirish, ishchi oʼrinlarni yaratish hamda savdo aylanmasini yanada rivojlantirish uchun ulkan platforma vazifasini bajaradi.