Senat Raisi MDH davlatlarining gumanitar hamkorlik boʼyicha davlatlararo jamgʼarmasi boshqaruvi vakillari bilan uchrashdi

13-dekabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Mustaqil davlatlar hamdoʼstligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʼlib turgan MDH davlatlarining gumanitar hamkorlik boʼyicha davlatlararo jamgʼarmasi boshqaruvi raisi, Ozarbayjon Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Poʼlad Bulbul oʼgʼli boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʼzbekistoning mazkur jamgʼarma bilan hamkorlik istiqbollari xususan, madaniyat, fan, taʼlim va boshqa gumanitar sohalarda koʼp tomonlama aloqalarni mustahkamlash, mazkur yoʼnalishdagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Senat raisi T.Narbayeva xalqlarimiz manfaatlari yoʼlida madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish uchun MDH davlatlararo tuzilmalari, birinchi navbatda, Davlatlararo jamgʼarma imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligini taʼkidlab oʼtdi.
Jamgʼarma boshqaruvi raisi, P.Bulbul oʼgʼli Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga toʼxtalib, tashrif davomida barcha sohalarda jumladan, madaniy-gumanitar yoʼnalishda keskin oʼzgarishlarga guvoh boʼlgani, bu albatta Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilm-fan, madaniyat va yoshlar masalalariga katta eʼtibor berayotganidan dalolat ekanini alohida qayd etdi.
Suhbat chogʼida MDH aʼzo mamlakatlari akademik doiralari oʼrtasida doimiy muloqotni yoʼlga qoʼyish yuzasidan ham fikr almashildi.
P.S. MDH jamgʼarmasi 2006-yil 25-maydagi Аrmaniston, Belarus, Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Rossiya, Tojikiston va Oʼzbekiston tomonidan imzolangan Bitimga muvofiq tashkil etilgan boʼlib, davlatlararo notijorat tashkilot hisoblanadi.






