Senat yalpi majlisida Uy-joy kodeksi maʼqullanmadi

Senatning yigirma toʼqqizinchi yalpi majlisida Oʼzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Kodeksni ishlab chiqishda qator ijobiy maqsadlar, xususan, jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qurilish, rekonstruktsiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joydan foydalanishda qonunchilik va normativ hujjatlarga rioya etishdagi masʼuliyatini oshirish koʼzlangan.
Аmmo muhokamalar davomida senatorlar Kodeksda ayrim normalarni qoʼllash mexanizmlari yetarlicha ochib berilmaganini taʼkidladi.
Shuningdek, Kodeksda belgilangan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan turar joylarni xususiylashtirish yoʼllari yaʼni, yakka tartibda quruvchilarning shirkatlari tomonidan uy-joy qurish hamda obligatsiyalarini olish yoʼllarini tartibga soluvchi amalda biror-bir normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi taʼkidlandi.
Muhokama yakunida Kodeks jamiyat uchun muhim boʼlgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishini inobatga olinib, milliy qonun hujjatlari, ilgʼor xorijiy mamlakatlar tajribasi va huquqshunos olimlar fikrlarini chuqur tahlil etilgan holda, Kodeksni takomiliga yetkazish maqsadga muvofiq deb topildi.
Shu bois Kodeks senatorlar tomonidan rad etildi.






