Senatning navbatdagi yalpi majlisi 2022-yil 28-may kuni bo‘lib o‘tadi

Joriy yil 20-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma oltinchi yalpi majlisini 2022-yil 28-may kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi, “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi, “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, senatorlar tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokama etiladi.