Senatning navbatdagi yalpi majlisi 28-aprel kuni otkaziladi

Joriy yilning 20-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlis Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlarda oʻrganishlar olib borayotganliklari tufayli onlayn shaklda oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisini 2022-yil 28-aprel kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa shaklida ikki kun davom etadigan yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan. “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi, “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida”gi, “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.






