Senatning navbatdagi yalpi majlisi 8-iyul kuni boʼlib oʼtadi

Joriy yil 5-iyul kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʼlib oʼtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi. Majlisda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma sakkizinchi yalpi majlisini 2022-yil 8-iyul kuni chaqirish toʼgʼrisida qaror qabul qilindi.
Qayd etilganidek, videokonferensaloqa shaklida boʼlib oʼtadigan yalpi majlis doirasida bir qator masalalar koʼrib chiqilishi nazarda tutilgan.
“Soliq maslahatiga oid faoliyat toʼgʼrisida”gi, “Аholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʼgʼrisida”gi, “Oʼzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʼshimcha va oʼzgartishlar kiritish toʼgʼrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining Oʼzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2021-yil yakunlari boʼyicha ijrosi hamda Oʼzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi toʼgʼrisidagi hisobotlarini eshitish rejalashtirilgan.
Shuningdek, senatorlar daryolar oʼzanlarini tozalash va qirgʼoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yoʼl xoʼjaligi obyektlariga salbiy taʼsiri yuzasidan hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʼrovlarini yuborish masalalari muhokama qilinadi.
Yalpi majlisda eksport hajmining barqaror oʼsishini taʼminlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash boʼyicha koʼrilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatimizda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini taʼminlash holati, shuningdek, homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda goʼdaklarga koʼrsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʼrovlari natijalari koʼrib chiqiladi.
Yalpi majlis doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.






