Senatning oʼttiz ikkinchi yalpi majlisi 13-sentabr kuni chaqiriladi

Joriy yilning 7-sentabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʼlib oʼtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi. Majlisda Oliy Majlis Senatining oʼttiz ikkinchi yalpi majlisini 2022-yil 13-sentabr kuni chaqirish toʼgʼrisida qaror qabul qilindi.

Qayd etilganidek, navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar koʼrib chiqilishi rejalashtirilgan. Senatorlar Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʼrinbosari toʼgʼrisidagi masalani koʼrib chiqadilar.

Shu bilan birga, yalpi majlisda bir qator qonunlar muhokama qilinadi. Xususan, “Elektron tijorat toʼgʼrisida”gi, “Tashqi mehnat migratsiyasi toʼgʼrisida”gi, “Elektron raqamli imzo toʼgʼrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuniga oʼzgartishlar kiritish haqida”gi hamda “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonunlar ham koʼrib chiqiladi.

Yalpi majlisda Oʼzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʼarmalari budjetlarining 2022-yil I yarim yilligi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʼgʼrisidagi axborotini eshitish rejalashtirilgan.