Senatning o‘ttiz uchinchi yalpi majlisini chaqirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi

Senat Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi o’tkazilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz uchinchi yalpi majlisini 2022-yil 7-oktabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Qayd etilganidek, navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqiladi. “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, yalpi majlisda “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi va “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni ham muhokama qilish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, senatorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalarini muhokama qiladilar.
Yalpi majlisda Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti ham eshitiladi. Shuningdek, yalpi majlis kun tartibi doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.






