Senatning yalpi majlisi yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

Joriy yilning 4 - fevral kuni Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Senat qo‘mitalari raislari va OAV vakillari ishtirok etdi. Anjumanda yalpi majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan jurnalistlarga batafsil axborot berildi.
Qayd etilganidek, videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan, Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali onlayn yoritilgan yalpi majlisda jami 20 ta masala ko‘rib chiqildi.
Ularning 8 tasi xalq farovonligini ta’minlash hamda aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladigan qonunlardir. Bundan tashqari, Senat qo‘mitalari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar, Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish kabi bir qator muhim masalalar ham senatorlar muhokamasi markazida bo‘ldi.
Xalq deputatlari Kengashlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish hamda ularning vakolatlarini kengaytirish orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, madaniy meros obyektlari muhofazasini oshirish, fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni kuchaytirish masalalari ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida qizg‘in muhokama qilindi.






