Senatning yigirma yettinchi yalpi majlisi 13-iyun kuni boʼlib oʼtadi

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma yettinchi yalpi majlisini 2022-yil 13-iyun kuni chaqirish toʼgʼrisida Senat Kengashining qarori qabul qilindi.
Senatning navbatdagi yalpi majlisida bir qator masalalar koʼrib chiqilishi nazarda tutilgan.
Jumladan, yalpi majlisda “Davlat mulkini boshqarish toʼgʼrisida”gi, “Аlkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʼgʼrisida”gi, “Inson aʼzolari va toʼqimalarining transplantatsiyasi toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish haqida”gi hamda “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʼz kuchini yoʼqotgan deb topish toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi qonunlari koʼrib chiqiladi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisini saylash toʼgʼrisidagi masala ham koʼrib chiqiladi.
13-iyun kuni soat 11:00 da oʼz ishini boshlaydigan Senatning navbatdagi yalpi majlisi videokonferensaloqa shaklida boʼlib oʼtadi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmogʼidagi sahifasi orqali toʼgʼridan-toʼgʼri yoritib boriladi.






