Sentabr oyida Toshkentda O‘zbekiston-Misr Hukumatlararo komissiyasining 7-yig‘ilishi o’tkaziladi

O‘zbekiston ishchi guruhining Misr Arab Respublikasida bo‘lib turishi doirasida Qohirada Misrning yirik vazirlik va idoralari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida ustuvor tarmoqlardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, Savdo va sanoat vaziri Ahmad Solih bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelgusidagi tadbirlar muhokama qilindi. Tomonlar Port-Said shahrida qo‘shma Sanoat kooperatsiyasi va mahsulotlar tarqatish markazini tashkil qilish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish va imzolash, qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini 2023-yilning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha qator amaliy chora-tadbirlarni kelishib oldilar.
Xalqaro hamkorlik vaziri Raniya al-Mashat bilan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Misr Hukumatlararo komissiyasining 7-yig‘ilishini joriy yilning sentabr oyida O‘zbekiston poytaxtida o‘tkazish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni qisqa muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Air Cairo aviakompaniyasi raisi Husayn Sherif bilan suhbatda O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va geografiyasini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Misr tomoni yaqin orada Qohira-Toshkent-Qohira yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.
Misr Investitsiyalar va erkin iqtisodiy zonalar agentligi Bosh direktori Xossam Xeyba bilan sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.






