Serdar Berdimuhamedov Qadr kechasi munosabati bilan 463 nafar mahbusni afv etdi

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Qadr kechasi munosabati bilan mamlakatdagi 463 nafar mahbusni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Hukumat yig‘ilishida Serdar Berdimuhamedov an’anaga ko‘ra, Qadr kechasi arafasida “qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan” mahbuslarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini aytgan.

Turkmaniston Prezidenti har yili Qadr kechasi munosabati bilan mamlakatda muqaddam sudlangan fuqarolarga amnistiya e’lon qiladi. O‘tgan yili respublika rahbari qarori bilan 514 nafar fuqaro ozodlikka chiqarilgan. 2021-yilda Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov 1035 mahbusni afv etish haqidagi farmonni imzolagan edi.