Shavkat Mirziyoyev BAA vaziriga “Do‘stlik” ordenini topshirdi

Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari, hududlarning savdo-investitsiyaviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan.
Prezident ushbu yo‘nalishlar bo‘lajak oliy darajadagi ikki tomonlama sammit kun tartibining asosini tashkil etishi lozimligini qayd etdi.
Vazir al-Gargaviy Prezidentga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon hamda mamlakat Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning salomini yetkazdi.
Uchrashuv so'ngida vazir al-Gargaviyga O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishga qo‘shgan katta hissasi uchun “Do‘stlik” ordeni topshirildi.






