Shavkat Mirziyoyev: «Investitsiya va eksport bilan shug‘ullanmagan hokimlarning kelajagi yo‘q»

24-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 yil ichida O'zbekistonning investitsiya sohasidagi yutuqlari, hamda yil yakunigacha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

2017-yildan boshlab barcha manbalar hisobidan 716 trillion so‘m (83 milliard dollar) yoki oldingi davrga nisbatan 2 baravardan ziyod investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Natijada, so‘nggi 4 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 25 foizdan 33 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi esa 1,3 baravarga o‘sgan.

Ushbu davrda 441 trillion so‘mlik 47 mingdan ziyod yirik, o‘rta va kichik loyihalar ishga tushirilib, 680 mingdan ortiq doimiy yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

– Olib kelingan har bir dollar xalqimizga, hududlar va tarmoqlarga o‘zining ijobiy natijasini berishi kerak. Agar tumanlarda vaziyat o‘zgarganda edi, qancha ish o‘rni, qancha eksport bo‘lgan bo‘lardi. Investitsiya va eksport bilan shug‘ullanmagan hokimlarning kelajagi yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektor yig‘ilishi davomida statistik ma'lumotlar keltirildi. Ularga ko'ra Toshkent viloyati mamlakatning boshqa viloyatlariga nisbatan investitsiyalar sohasida past samaradorlikni ko'rsatdi. Xususan, Toshkent viloyatiga so‘nggi 4 yilda yo‘naltirilgan 950 million dollar xorijiy investitsiya va bank kreditlari hisobiga atigi 40 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ya’ni bir ish o‘rni 24 ming dollarga to‘g‘ri kelmoqda. Vaholanki, Namangan viloyatida 2 baravar kam mablag‘ sarflanib, 52 mingta ish o‘rni ochilgan.

Joriy yilda umumiy qiymati 6 milliard 500 million dollarlik 226 ta yirik tarmoq va hududiy loyihalar ishga tushirilishi, 35 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilishi mo‘ljallangan.