Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qildi

Prezident nogironlar hayotini yaxshilashga qaratilgan yangiliklarni e’lon qildi.
Kuni kecha Shavkat Mirziyoyev Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga murojaat qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarildi.
“Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilingani, mamlakatimizning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiyaga qo‘shilgani, sohada mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgani buning tasdig‘idir" dedi Prezident.
Nogironlarning jamiyatda mavjud barcha imkoniyatlardan foydalanish, ijtimoiy-siyosiy hayotda ishtirok etish, harakatlanish, tibbiy xizmat ko‘rsatish, ta’lim olish, ishga joylashish, reabilitatsiya qilish huquqlari kafolatlanadi.
“Nogironligi bor insonlar jamiyatning to‘laqonli a’zosidir”, degan tamoyildan kelib chiqib, bu borada izchil ish olib bormoqdamiz , – deya ta'kidladi davlat rahbari.
Keyingi yillarda 27 tibbiy-ijtimoiy muassasa rekonstruksiya qilinib, zamonaviy talablarga javob beradigan 1500 davolash-sog‘lomlashtirish o‘rinlari yaratildi. Fuqarolarga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalarining turlari soni 22 tadan 27 taga oshirildi.
Xususan, imkoniyati cheklangan bolalarning hayot sifatini oshirish maqsadida byudjetdan ajratilgan qariyb 40 milliard so‘mga protez-ortopediya va reabilitatsiya vositalari, koxlear implantlar va boshqa maxsus jihozlar berildi.
Shuningdek, xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish dasturini amalga oshirish boshlandi, 300 dan ortiq maktabda imkoniyati cheklangan bolalarni o‘qitish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zini jamiyatning ajralmas bo'lagi sifatida his etishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan maxsus dastur ham amalga oshirilmoqda.






