Shavkat Mirziyoyev qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etadi

XXR Raisi Si Szinpin taklifiga binoan, 4-fevral kuni Pekinda bo‘lib o‘tadigan 2022-yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, xorijiy davlatlar va hukumatlar hamda yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etadilar.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Xitoy rahbari 4-6-fevral kunlari Pekinda 2022-yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etadi, shuningdek, xorijiy davlatlar yetakchilari, hukumat rahbarlari, qirollik oilalari aʼzolari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari sharafiga qabul marosimi o‘tkazadi.
Mehmonlar ro’yxatidan Rossiya, Singapur, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Misr, Polsha, Argentina rahbarlari, Kambodja qiroli, Qatar amiri, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi, boshqa qator davlatlar yetakchilari, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesuslar o’rin olgan.
PS: Olimpiya o‘yinlari 4-20 fevral kunlari, Paralimpiya o‘yinlari esa 4-13 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.






